Avtobusda to`rt yoshlardagi bolakay «Obermading, obermading, sen yomon oyisan» deb onasining yuz-ko`zlariga tinmay urardi. Ona avval hijolat bo`lib bolaning qo`llarini ushlab oldi, yuzini chetga burdi. Lekin shumtaka onasining qo`lidan yulqinib, unga qattiqroq zarba berishga urinaverdi. Shunda ona uning ikki qo`liga qattiqqina urdi, bolakay yig`lay boshladi-yu, onasini urmay qo`ydi. Avtobusdagi odamlar ikki guruhga ajralib, birinchisi tarbiyasiz bolakayni, ikkinchisi qahri qattiq onani qoralashga tushdi. Men esa nega bolalar ota-onasiga qo`l ko`taradi degan savol haqida o`ylay boshladim.
Bu hol ko`pincha uch yoshdan keyin kuzatiladi. Psixologiyada 3 yosh inqirozi degan tushuncha bor, ya`ni aynan shu davrga kelib, kichkintoy ongli shaxsga aylanishni boshlaydi. O`zini, atrofdagilarni anglaydi, o`z fikrini qanday qilib bo`lsa ham ilgari surishga harakat qiladi. Natijada bolalarning avvalgidek, shunchaki, noqulaylikdan emas, ma`lum maqsad sari yo`naltirilgan injiqliklari boshlanadi. O`smir yoshdagi bolalarning ota-onasiga qo`l ko`tarishi umuman boshqa mavzu va biz hozir chuqur psixologik, sosiologik va pedagogik tahlilni talab qiladigan bu mavzuni chetlab o`tamiz. Biz 3-6 yosh oralig`ida ota-onasiga qo`l ko`tarayotgan jajji «zolim»lar haqida gaplashamiz.
Nega uradi?
Bolalar bu yoshda juda taqlidchi bo`ladilar. Uryaptimi, demak yo uni ham urishadi, yoki oila a`zolari orasida jismoniy zo`rlik bor. U ko`rganini qiladi, eshitganini so`zlaydi. Albatta, onasi yo otasini urayotgan bola ularni yomon ko`radi, degani emas. Bu, shunchaki, kichkintoyning ayni damdagi kayfiyati. Va buning ota-onasiga nisbatan muhabbatiga taalluqli joyi yo`q. O`smir yoshdagidan farqli o`laroq, albatta. Demak, birinchi navbatda kattalar bola oldida o`z xulqlarini nazorat qilishlari kerak.
Ikkinchi sabab esa qaqajon ilk bora ota-onasiga qo`l ko`targanda e`tibor berilmagan, bu ishning yomonligi tushuntirilmagan, o`z holiga tashlab qo`yilgan. Ya`ni muammo ustida ishlanmagan. Keyin bu ish takrorlanavergan. Bola-da, ursa nima bo`pti, esi yo`q-da degan qarash yaramaydi. Chunki qo`li yugurik bola bu odatini ulg`ayganida ham tashlamasligi mumkin. Hatto, esi kirib ota-onasiga qarshi qo`l ko`tarishdan o`zini tiya olgan taqdirda ham, tengdoshlari, keyinchalik umr yo`ldoshi jismoniy tajovuz ob`ektiga aylanib qoladi. Demak, bolani yoshlikdanoq bu yomon odatdan qaytarish kerak.
Nima qilmoq kerak?
Avvalo, hech qachon bunday qilmaslikni qulog`iga quyish kerak. Nasihat, ertaklar, didaktik materiallar – xullas, hamma vositalar yaxshi. Bu tarbiyaning bosh talabidir, ya`ni muammoni tinch yo`l bilan hal etishga yoshligidanoq o`rgatish. Albatta, tarbiya ishlari aynan o`sha agressiya payti emas, muntazam olib borilishi lozim.
Ikkinchidan, bolangiz sizga qo`l ko`tarayotganini ko`rishingiz bilanoq qo`llarini ushlab oling, urishiga yo`l qo`ymang. Agar epchillik qilib bir-ikki marta shunga muvaffaq bo`lsangiz, bolangiz boshqa yo`l qidirishga tushadi.
Uchinchidan, bordi-yu, kichkintoy sizni ursa, javoban uni ham urish mumkin emas. Ba`zi ota-onalar joni naqadar og`riganini bildirish, ba`zilar shunchaki alamini ko`rsatish uchun bolani uradi. Ammo bola mening jonim og`rigani kabi ota-onamniki ham og`riydi, deb o`ylamaydi. Chunki farzandigiz nazarida siz “supermen”siz. Faqat uning joni og`rishi mumkin. Egan kaltagidan qilayotgan ishim to`g`ri ekan, urish mumkin ekan, ular ham urishyapti-ku, degan xulosa chiqaradi, xolos.
To`rtinchidan, chalg`ituvchi usullardan foydalaning, bir urdimi, siz buni o`yinga, hazilga buring, boshqa urmasligi uchun nimagadir chalg`iting.
Beshinchidan, joningiz og`riganini, azobda ekaningizni bolaga ko`rsating. Ya`ni psixologik ta`sir o`tkazing. Ba`zida bolalar ota-onasining joni og`riyotganini sezishsa, darrov jahldan tushib, mehribonchilik qila boshlaydilar.
Oltinchidan, albatta, uni jazolang. Masalan, urdimi, tizzangizdan tushirib nari keting, o`z ishingiz bilan shug`ullaning. Bir oz muddat e`tibor bermang, mehribonchilik ko`rsatmang. Bola devorga ursa, qo`li og`rishini biladi-ku. Xuddi shunday, ota-onasiga qo`l ko`tarsa, jazo olishini bilsin. O`shandagina keyingi safar harakatlarini nazorat qiladi.
Demak, 3 asosiy qoidani unutmang: a) tushuntirish; b) ogohlantirish; v) jazolash.
ShAHINA tayyorladi.
|