Ayol kishi erkakka tog` deb suyanadi, bog` deb ishonadi. Ayolni sevadigan, uni himoya qiladigan, ro`zg`or yukining og`ir tomonini elkasiga oladigan, bolalarini parvarishlab avaylaydigan va umr yo`ldoshiga faqat sevikli yor emas, o`rni kelganda ota, yaqin do`st sifatida elka tutib beradigan inson har qanday ojizaning orzusi. Umuman, ideal erkak bu. Lekin hayotda hammasi boshqacha bo`ladi. Erkaklar va muammolar masalasini ko`tarishimizga aynan ana shu «boshqacha» vaziyatlar sabab bo`ldi.
Avvalo, boshidanoq aniqlashtirib qo`yaylik. Hamma erkaklar ham muammodan qochavermaydi. Bu borada ularni bir necha turga ajratish mumkin:
a) muammoni echadigan;
b) muammodan qochadigan;
v) faqat muammo yuzaga keltiradigan;
g) yo`q joydan muammo o`ylab topib, uni o`zi echib, qahramon bo`lishga intiladigan. Sanayversang, yana turlari ko`payaveradi. Ammo asosiylari hozircha shu. Har bir turning o`zini oqlaydigan va yoqlaydigan dalillari ko`p. Keling, ular bilan birma-bir tanishib chiqamiz.
Muammoni echadigan erkak
«Birovning senga ishi tushsa, hal qilib bersang, sendan minnatdor bo`lsa. Yoki hayot oldinga qo`ygan qiyin bir muammoni echsang. Bu xuddi maktabda matematikadan qiyin bir masalani bir necha kun urinib echganingek gap. O`shanda qanaqa lazzat olasan? Men odamlarga yordam bersam, biron echilmas muammoga echim topsam, o`zimni Kenja botirdek his etaman. Muammo qanchalik murakkab bo`lsa, shunchalik yaxshi – odam bor imkoniyatlarini ishga soladi, to`siqni engib o`tishda yangi tajribalar orttiradi, shaxs doim harakatda, o`sishda bo`ladi».
Bu muammolardan qo`rqmaydigan, ularni echishni xohlaydigan va echa oladigan erkakning mantig`i. U o`z muammolarini anglash, ularni tan olish va hal qilish bilan birga o`zgalarga ham doim yordam beradi. Vaziyatni to`g`ri baholaydi va ko`pincha oqil qarorlar qabul qiladi. Nima ham derdik. hayotda bunday insonlar juda kam, lekin olam g`ildiragini aynan ular yaratishadi, aynan o`shalar olamshumul hodisalarni sodir etishadi, insoniyatni taraqqiyotga etaklaydi. Afsuski, har qanday ayolga ham bunday er nasib etavermaydi. Agar oilangiz boshlig`i shunday inson bo`lsa, tabriklaymiz. Undagi ana shu xususiyatni qadrlang, avaylang va ba`zan bu ishi oilangiz manfaatlariga biroz zid kelib qolganida nolimang. Chunki har narsaning o`z tovoni bor. Bu sizning shunday ajoyib er uchun to`laydigan arzimas tovoningiz, xolos.
Muammodan qochadigan erkak
«Inson minnatdorchilikni bilmaydigan jonzot. Shunday ekan, nima keragi bor birovlarning muammosini echib. Ishi o`xshasa, rahmat aytar-aytmay qochadi, o`xshamasa, sen aybdor bo`lib qolaverasan. Men muammo degan so`zni yomon ko`raman. hayotimda hech qanday muammo yo`q, faqat ayrim mayda-chuyda ko`ngilsizliklar borki, vaqt hammasiga davo. Faqat sabr bilan kutib turilsa bo`ldi. Uni echadigan kimdir topiladi. “Och qornim – tinch qulog`im” degan gap bejiz aytilmagan-ku. hayot bir marta beriladi, uni allaqanday muammolarga sarf qilishning nima keragi bor? Odam o`ynab-kulib yashamog`i kerak».
Albatta, umuman olib qaraganda insonning shunday o`ylashga haqqi bor. hayot uniki, bilganicha yashayversin. Faqat so`qqabosh yashasin-da unda. Oila qurgandan keyin erkak kishining zimmasiga ma`lum mas`uliyatlar yuklanadi (shubhasiz, ayolga ham). Ularni bajarmay, muammolardan qochish (buning millionta ruhiy asosi bo`lsa ham) g`irromlik. Bir so`z bilan aytganda, u – xudbin inson. Endi kimningdir chekiga shunday erkak tushgan bo`lsa, aytishimiz mumkinki, ellik foizga omadi chopibdi. Ya`ni eringiz muammolardan o`lgudek qo`rqadi va hech qachon ularni yuzaga keltirmaslikka intiladi. Bu tomondan xotirjam bo`ling. Qolganini esa o`zingiz hal etishingizga to`g`ri keladi.
Faqat muammo yuzaga keltiradigan erkak
«Bilmadim, negadir nimaga qo`l ursam ham muammo chiqaveradi. Aslida, istamayman bunaqa bo`lishini...» va h.k.
Bunday erkak o`zini oqlash uchun faqat shu so`zlarni aytishi mumkin. Yana «Ataylab qilmadim-ku» deb ham qo`yar. Lekin unga biron ish buyurishga bezillab turasiz. Bozorga borsa, ketidan yana bir borib bozor qilib kelish kerak, uyda qolsa, jo`mrakni tuzataman deb qo`shnini suv bostiradi, ishxonasidan dakki eshitaveradi. Yana ayrim erkaklar borki, turishining o`zi muammo. Masalan, ichkilikboz, xotinboz, giyohvand... Ammo hech kuzatganmisiz, ko`pincha shunday erkaklarning ayollari uddaburon, tadbirkor bo`ladi. Yo ular atayin shunday ayollarga uylanishadi, yoki ayollarning tadbirkor bo`lishdan o`zga chorasi qolmaydi. Erining ketidan shifoxonama-shifoxona, milisiyama-milisiya yuradigan ayollar qancha. Ularga sabr tilaymiz. Qo`lingizdan kelsa, erkakni tarbiyalab ko`ring. Ammo bu uning tabiati, fitrati. O`zgartira olsangiz, quvonarli hol, albatta. Bu yo`lda muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz, chidashdan yo ajrashishdan boshqa chorangiz qolmaydi. Lekin ba`zida eng omadsiz erkakka ham omad kulib boqishi mumkinligini unutmang.
Yo`q joydan muammo topadigan erkak
«Yomg`ir yog`yapti, ko`chaga non olib kelish uchun chiqsam, shamollab qolaman» deb kun bo`yi och o`tiradigan va buni qahramonlik deb taqdim etadigan erkaklar ham ko`p uchraydi. Ular uchun yomg`ir ham, quyosh ham, qor ham – bari muammo. Umuman hayotning o`zi bir ulkan muammo, yashash esa – qahramonlik. Bundaylarni injiq deyishadi. Muammolar ham, aslida, ularning dunyoqarashidan kelib chiqadi. Agar yomg`irni muammo emas, shunchaki tabiat hodisasi sifatida qabul qilib, soyabon bilan nonga chiqib kelsa, nima bo`lardi? Unda kim kechgacha och o`tirib, qahramonlik qiladi? Bu xususiyat yoshlikdagi haddan ortiq qattiqqo`l tarbiyaning yoki bolani haqiqiy muammolardan ihotalab, papalab o`stirishning oqibatidir.
Bunday erkakni haqiqiy qahramonliklarga qodir emas, deb bo`lmaydi, albatta. Faqat mana shu kundalik muammolar unga katta qahramonliklar qilishga yo`l bermaydi. Undaylarning xotini ko`nglini keng qilishi, erining muammo deb ko`rsatayotganlari aslida hech gap emasligini muntazam isbotlab, uqdirib borishi kerak. Lekin haqiqiy muammo yuzaga kelsa, uni, albatta, hal qiladi. Shu jihati tahsinga sazovor.
Umuman olganda, muammolar hech kimga yoqmaydi. Ammo ularsiz yashab ham bo`lmaydi. Erkakning muammoni echa olish qobiliyati uning eng muhim fazilatidir. Er kishi shu bilan qadrlanadi, obro` topadi. Buni o`g`il bolalarga yoshlikdan o`rgatib borish lozim. Eng yaxshi o`rgatish usuli esa shaxsiy ibrat. Shunday ekan, aziz erkaklar, o`g`lim qariganimda og`irimni engil qilib, yukimni elkamdan olsin desangiz, bugun muammolardan qochmang va ularni O`ZINGIZ hal qiling!
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA
Manba: Darakchi.uz
|