Maydoni 111 ming km.kv. Aholisi 888,4 ming kishidan ortiq (2013-yil 1-yanvar holati).Navoiy viloyatida 8 ta tuman, 6 ta shahar va 38 ta shaharcha mavjud.
Navoiy viloyati mamlakatimizning eng kenja viloyati. U Buxoro va Samarqand viloyatlari hududidan tashkil topdi. Navoiy viloyati mamlakatimiz viloyatlari ichida maydonining kattaligi bo’yicha birinchi o’rinda tursada, aholisining soni bo’yicha oxirgi o’rinlardan birida turadi. Viloyatning o’simlik (yaylov) boyligi qorako’lchilikda katta ahamiyatga ega.
Aholisi hudud bo`ylab notekis joylashgan. Uchquduq tumanida aholi nihoyatda siyrak. Sanoatning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi shahar aholisining tez ko’payishiga olib kelmoqda. Viloyatda yangi shahar va shaharchalar qad ko’tarmoqda.
Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari: donchilik, paxtachilik, qorako`lchilik, qo`ychilik.
Sanoatning asosiy tarmoqlari: elektroenergetika, rangli metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari, yengil sanoat.
Cho’l chorvachiligi sohasida bu viloyat mamlakatda yetakchidir. Qizilqum cho’lida qorako’lchilikka ixtisoslashtirilgan yirik xo’jaliklar tashkil etilgan. Bu sohada Tomdi tumani alohida ajralib turadi, tumanda 10 ta qorako’lchilik xo’jaligi bor. Yaylovlarni suv bilan ta’minlash, ularning mahsuldorligini oshirish uchun fitomeliorativ ishlar olib borilmoqda.
Sanoatning rivojlanishi suv boyliklariga bog`liq. Taraqqiy etayotgan sanoat tarmoqlari, jumladan, kimyo sanoati va boshqalar suvni ko`p talab qiladi. Viloyat kimyo sanoati tabiiy gaz va boshqa mineral xomashyoga tayanib, tez rivojlanmoqda. Kimyo sanoatining markazi Navoiy shahridagi kimyo kombinatidir.
Mamlakatimizda tayyorlanayotgan sement mahsulotining asosiy qismi Navoiy sement zavodida ishlab chiqarilmoqda. Zavod yaqin vaqtlargacha shlak, metall qipig’i, klinker singari sement xomashyolarini sobiq Ittifoq respublikalaridan katta-katta xarajatlar hisobiga keltirardi. Xomashyoning qimmatligi sement ishlab chiqarishni ko’paytirish va sifatini oshirishga to’sqinlik qilardi. Geologlarning izlanishlari natijasida Malikcho’l sarhadlarida, shundoqqina zavodning yonida tuf koni topildi. Tuf eng a’lo shlakdan ham, noyob aralashma-klinkerdan ham qolishmaydigan sement xomashyosidir. Kon zaxirasi katta bo’lib, yiliga 2-3 mln tonna tuf qazib olinganda ham 45-50 yilga yetishi aniqlandi.
Viloyat elektr energiya ishlab chiqarish miqdoriga ko’ra mamlakatda oldingi o’rinlardan birini egallaydi. Elektr energiyaning asosiy qismini Navoiy GRESi beradi. Mamlakatimizda ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va yangilash, zamonaviy innovatsiyalarga asoslangan va yuksak samarali texnologiyalarni joriy etish jadal amalga oshirilmoqda. Ularni amlga oshirishda kerakli imtiyozlarga ega bo`lgan maxsus industrial zonalar tashkil etilmoqda. Jumladan, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi tashkil etilgandan buyon uning hududida 19 ta investitsiya loyihasi bo`yicha ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Jumladan, yuksak texnologiyalar asosida televizorlar uchun taglik-moslamalar, elektr energiyani electron hisoblagichlar, yuqori kuchlanishga chidamli kabellar, IESlar uchun isitish qozonlari, mobil va statsionar telefon apparatlari, tayyor dori vositalari va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.
Ijtimoiy sohalar. Viloyatda ikki oliy ta’lim muassasasi — Navoiy Davlat Pedagogika instituti va Navoiy davlat konchilik instituti faoliyat ko’rsatib, ularda 6 mingga yaqin talaba tahsil oladi. 380 ga yaqin umumta’lim maktablarining 120 tasi Qizilqumning dashtli hududlarida joylashgan. Viloyat hududida ko’pgina tarixiy maskanlar mavjud. Ular sirasiga qadimgi Karmana manzilgohi, Rabot Malik, Nurotadagi Toshmasjid tarixiy yodgorliklari, Chilustun, Ko’kgumbaz, Qosimshayx maqbaralarini kiritish mumkin.
Shaharlari. Navoiy tez yuksalayotgan yosh sanoat shahri (aholisi 134 ming kishi)dir. U viloyatning ma’muriy markazi. Zarafshon daryosining yaqinligi, yirik qishloq xo’jalik hududi markazida joylashganligi, transport bilan yaxshi ta’minlanganligi shaharning tez o’sish omili bo’ldi. Shahar 60-yillarda yagona bosh reja asosida issiq iqlim va milliy an’analarni hisobga olib qurildi. Shahar ko’kalamzorlashtirilgan.
Navoiyda mamlakatdagi yirik IES, elektr-kimyo kombinati, sement zavodi, kon-metallurgiya kombinati bor. Shahar sanoat va transport tuguni, muhim madaniyat markazidir.
Zarafshon shahri Muruntov kon qazib olish sanoati bazasida 1972-yilda barpo etildi. Shaharda rangli metallurgiya, shuningdek, yengil, oziq-ovqat sanoat tarmoqlari yo`lga qo`yilgan.
|