Maydoni 7,4 ming km.kv. Aholisi 2 million 458 ming kishidan ortiq (2013-yil 1-yanvar holati). Shaharlar aholisi 1 million 570 ming kishidan ortiq. Qishloq aholisi 888600 dan ortiq. Namangan viloyatida 11 ta tuman, 8 ta shahar va 120 ta shaharcha mavjud.
Namangan viloyati iqtisodiy geografik rayonning shimoliy qismidadir. Viloyatning baland tog’ tizmalari bilan o’ralgan sharqiy qismida iqlim nisbatan yumshoq, yog’in ko’p yog’adi, tabiiy o’tloqlar ko’p, bahorikor dehqonchilik uchun sharoit juda qulay. Viloyatning g’arbiy qismida yog’in kam yog’adi va daryolar ham kam.
Aholisi. Viloyat aholisining tabiiy o’sish sur’atlari jihatidan oldingi o’rinda turadi. Shunga ko’ra mehnatga yaroqlilar soni tez ko’paymoqda.
Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari:donchilik, paxtachilik, sabzavotchilik, bog`dorchilik va uzunchilik, go`sht-sut chorvachiligi, pillachilik.
Sanoatning asosiy tarmoqlari:elektroenergetika, mashinasozlik, qurilish materiallari, yengil va oziq-ovqat.
Xo’jaligi. Namangan viloyatida ham obikor dehqonchilik ustun turadi. Viloyat hududida ko’plab sug’orish inshootlari – Shimoliy Farg’ona, Oxunboboyev nomli, Chust, Chortog’ kanallari, O’rtato’qay suv ombori (Kosonsoy daryosida) va boshqalar qurilgan. Irrigatsiyaning rivojlanishi obikor yerlarni kengaytirish va melioratsiya holatini yaxshilash imkonini berdi.
Barcha ekin maydonlarining 27 foizidan ko’prog’iga paxta ekiladi. Pop va Chust tumanlaridagi yaylovlarda qo’y va echki ko’p boqiladi. Qoramol hamma dehqonchilik tumanlarida boqiladi. Yaylovlar yetishmaganidan ko’pgina xo’jaliklar mollarni yozda tog’ yaylovlariga haydab boradilar. Pillachilik paxtachilik bilan birga rivojlantirilmoqda.
Sanoat, asosan yengil va oziq-ovqat korxonalari hamda mashinasozlikdan iborat. Sanoat korxonalarining asosiy qismi Namangan sanoat tugunida joylashgan. Temiryo’l, avtomobil transporti yaxshi rivojlangan.
Shaharlari. Namangan viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazidir. Shahar Namangansoy bo’yida joylashgan. U viloyat sanoati mahsulotining 60 foizini beradi. Shaharda shoyi fabrikasi va kostumbop gazlamalar kombinati, elektrotexnika zavodi, sun’iy tola zavodi, ikkita paxta tozalash zavodi, yog’-ekstraksiya va konserva zavodlari, elektr stansiyalari, qop-qanor uchun ishlatiladigan dag’al gazlama fabrikasi va boshqa korxonalar ishlab turibdi. Qurilish materiallari sanoatiga taalluqli korxonalardan uysozlik kombinati, temir-beton konstruksiyalar zavodi, g’isht zavodi va boshqalar faoliyat ko’rsatmoqda. Shaharda universitet, politexnika instituti, pedagogika va musiqa bilim yurtlari va boshqa ta’lim muassasalari bor.
Zamonaviy mikrorayon qad ko’tarmoqda. Namanganni xalqimiz «gullar shahri» deb ataydi. Shahar markazidagi Mashrab nomidagi madaniyat va istirohat bog’i mamlakatimizdagi eng go’zal bog’lardan biridir. Shahar markazidan chekka tomon nursimon taralib ketgan keng va ravon ko’chalar shahar markazini mikrorayonlar bilan bog’laydi.
Chust – tuman markazi. Namangandan Toshkent va Qo’qonga boriladigan avtomobil yo’li ustida joylashgan. Shaharda shakar zavodi, tikuvchilik fabrikasi, hunarmandchilik korxonalari, ko’pgina artellar, madaniy-maishiy muassasalar bor. Chust pichoqchilik bilan mashhur. Popda texnik rezina va poyabzal zavodlari ishlab turibdi. Kelajakda zavodda rezina shinalarini qayta ishlash yo’lga qo’yiladi.
Uchqo’rg’on – tuman markazi. Undan Andijon, Namangan va Toshkent tomon avtomobil yo’llari ketgan. Shahar yonida Norin daryosiga GES qurilgan. Shaharda yirik paxta tozalash hamda yog’ zavodlari faoliyat ko’rsatmoqda.
|