Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi Oliy sudi Uinston Blekmor va uning sobiq kuyovi Jeyms Olerni ko‘pxotinlilikda aybdor deb topdi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Ayni paytda 61 yoshda bo‘lgan Blekmor 1990-yildan 2014-yilgacha 24 nafar ayolga uylanib, 145 nafar farzand ko‘rgan. 53 yoshli Olerning esa besh xotini bor. Ular besh yilgacha qamoqqa hukm qilinishi mumkin. Jazo chorasini sud keyinroq e’lon qiladi.
Ikkalasi ham ilgari mormonlar cherkovi yepiskoplari bo‘lgan. Sudlanuvchilar 1,5 mingga yaqin poligamiya (ko‘pxotinlilik) tarafdorlaridan iborat Bauntiful jamiyatida yashaydi.
Blekmor ko‘pxotinli ekanligini va barcha nikohlari cherkov qoidalariga muvofiq tuzilganligini rad etmaydi. Aynan shu tufayli prokuratura 20 yil davomida unga nisbatan ayblovlar e’lon qila olmadi. To‘siq shundan iborat ediki, ko‘pxotinlilikni taqiqlash dinga sig‘inish huquqini buzishi mumkin edi.
2011-yilda sud tartibida shunday qaror qilindiki, poligamiya oqibatlari din erkinligini cheklash uchun yatrlicha asos bo‘la oladi. Natijada 2014-yilda Oler va Blekmorni sudga jalb etishdi.
Ko‘p farzandli otaning advokati aytishicha, u aybdor deb topilsa, ko‘pxotinlilikni taqiqlovchi qoidalarga qarshi chiqadi.
Manba: Daryo.uz
|