— Hozir ko`pchilik birovlarning telefonini titkilashni yaxshi ko`radi. Birinchi navbatda, «SMS» xabarlarni o`qishga oshiqadi. Axir yozishmalarda shaxsiy mavzularda suhbatlashilgan bo`lishi mumkin. Savolim shundan iborat: agar birovning telefonini ruxsatsiz titkilasa yoki xabarlarini o`qisa, banda gunohkor bo`ladimi?
Savolga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o`g`li javob beradi.
— Islom shariatida o`zgalarning uyiga kirishdan oldin ruxsat so`rash shartligi ta`kidlangan. Shariatda biror joyga kirishdan avval izn so`rash nazar tushishi sababidan joriy qilingan. Chunki beruxsat kirish bilan uy egasi rozi bo`lmagan narsalarga begona odamning ko`zi tushishi mumkin. Shuning uchun birovning uyiga kirishni istagan odam, avval uy egasini chaqirib, undan izn so`raydi. Agar izn berilsa, kiradi. Bo`lmasa, ortiga qaytib ketadi. Uy egasi chaqirmasidan oldin to`ppa-to`g`ri ichkariga bostirib kirish mo`min kishiga umuman to`g`ri kelmaydi. Qolaversa, iznsiz birovning uyiga mo`ralash, eshik tirqishidan ichkariga nazar solish ham joizmas. Shundan kelib chiqib aytamiz, birovning telefoniga ruxsatsiz tegish to`g`ri emas. Mana shunday narsalar shariat hukmlariga bepisand qarashdan kelib chiqmoqda. Banda shariatga amal qilmaganidan keyin boshiga turfa balolar yog`ilaveradi. O`zingiz aytganingizdek, hozir birovning telefoniga ruxsatsiz qo`l tekkizadiganlar ko`payib ketgan. Aslida, shariat talabiga ko`ra, birovning telefonini ruxsat so`rab ko`rish lozim. So`ramasdan birovning narsasiga tegish joizmas!
Savol-javoblar muxlis.uz saytidan olindi.
|